17/04/2026
Zamonaviy agrologistika markazi barpo etilishi borasida navbatdagi muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Kuni kecha Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi direktori Xasan Ibragimov Andijon viloyatining Andijon tumanida barpo etilayotgan zamonaviy agrologistika markazining qurilish ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida tashrif buyurdi.
Mazkur tashrif davomida qurilish hududida olib borilayotgan ishlar ko‘lami, bugungi holati va kelgusidagi amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, xususan, qurilish ishlarining yanada jadalligini ta’minlash yuzasidan “Uzagrologistics Centers” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Xumoyun O‘ljayev, loyiha mutaxassislari, pudratchi tashkilot — “China Construction Third Engineering Bureau Group” kompaniyasi rahbar va mas’ullari, shuningdek, qurilish ishlari nazoratchisi “Artelia” (Fransiya) kompaniyasi qurilish loyiha menejeri Hakim Afif ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat zanjiri infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida qurilib ishga tushurilishi rejalashtirilgan ushbu zamonaviy agrologistika markazi soha rivoji, oziq-ovqat tanqisligini oldini olish, eksport salohiyatini oshirish, eng muhimi, mavsumdan qatiy nazar xalqimiz dasturxoniga to‘kinlik bag‘ishlash uchun beqiyos xizmat qiladi.